19. Tartibga solinmaydigan piyodalar oʻtish joylarida, piyodalar yaqinlashayotgan transport vositalarigacha boʻlgan masofani va ularning tezligini chamalab koʻrib, oʻtish oʻzlari uchun xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qilganlaridan soʻng qatnov qismi (tramvay bekati)ga chiqishlari ruxsat etiladi.
Shuningdek, piyodalar yoʻlni piyodalar oʻtish joylaridan tashqarida kesib oʻtishda transport vositalarining harakatlanishiga xalaqit bermasliklari, yaqinlashayotgan transport vositalarining yoʻqligiga ishonch hosil qilmasdan turib, koʻrinishni cheklovchi toʻxtab turgan transport vositasi yoki boshqa biror toʻsiq panasidan chiqmasliklari kerak.
Yoʻlning qatnov qismida, shuningdek, piyodalar oʻtish joylarida harakatlanayotgan piyodalarga telefondan foydalanish, tele, video mahsulotlarni koʻrish, radio-audio mahsulotlarni eshitish, kitob yoki davriy matbuot oʻqish, hamda eʼtiborni chalgʻitadigan boshqa elektron vositalardan foydalanish taqiqlanadi.
Piyodalar toʻxtab turgan avtobus va trolleybusning orqa tomonidan, tramvayning esa oldi tomonidan yoʻlni kesib oʻtishlari shart.