29. Zargʻaldoq yoki sariq rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalari yoqilgan transport vositalarining haydovchilari yoʻl qurilishi, taʼmirlanishi va tozalanishi jarayonida hamda texnik shikastlangan, nosoz boʻlgan, shuningdek, qonunchilikda koʻzda tutilgan hollarda boshqa transport vositalarini ortishda, tashishda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sharti bilan ushbu Qoidalarning yoʻl belgilari (2.2, 2.4 — 2.6, 3.11 — 3.14, 3.17.2, 3.20 yoʻl belgilaridan tashqari), yoʻl chiziqlari hamda 67 — 71 va 121-bandlari talablaridan chetga chiqishlari mumkin.
Yoʻl harakatida qatnashayotgan, gabarit oʻlchamlari ushbu Qoidalarning 164-bandida belgilangandan ortiq boʻlgan, ogʻir vazn va katta hajmli yuk tashiyotgan transport vositalarining hamda ularni kuzatib kelayotgan zargʻaldoq yoki sariq rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalari yoqilgan transport vositalarining haydovchilari harakat xavfsizligini taʼminlash sharti bilan yoʻl chiziqlari talablaridan chetga chiqishlari mumkin.