4. Yoʻl harakati ishtirokchilari yoʻldagi boshqa harakat ishtirokchilarining harakatlanishiga toʻsqinlik qilmasligi va xavf tugʻdirmasliklari kerak.
Tegishli vakolatga ega boʻlmagan yuridik va jismoniy shaxslarga yoʻl qoplamasini buzish, oʻzgartirish yoki unga zarar yetkazish, ifloslantirish, yoʻl belgilarini, svetoforlarni, shuningdek, yoʻl harakatini tashkil etishning boshqa texnik vositalarini oʻzboshimchalik bilan olib tashlash, oʻrnatish, toʻsib qoʻyish, shikastlantirish, yoʻllarda harakatlanishga toʻsqinlik qiluvchi qurilma va narsalarni qoldirish, tegishli ruxsatsiz yoʻlning qatnov qismiga toʻsiqlar oʻrnatish yoki ularni toʻsib qoʻyish, “sunʼiy notekislik” qurilmalarini oʻrnatish taqiqlanadi.
Harakatlanishga toʻsqinlikni yuzaga keltiradigan shaxs uni tezda bartaraf qilish uchun imkoniyati darajasida barcha choralarni koʻrishi, agar buning iloji boʻlmasa, mavjud barcha vositalar bilan xavf-xatar haqida yoʻl harakati ishtirokchilarini ogohlantirishi va ichki ishlar organlariga (keyingi oʻrinlarda — IIO) xabar berishi shart.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-noyabrdagi 806-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2024-y., 09/24/806/1002-son)