77. Haydovchi harakatlanishning serqatnovligini, transport vositasining va yukning xususiyati hamda holatini, yoʻl va ob-havo sharoitini, shuningdek, harakatlanish yoʻnalishidagi koʻrinishni hisobga olib transport vositasini belgilangan tezlikdan oshirmagan holda xavfsizlikni taʼminlovchi tezlik bilan boshqarishi kerak.
Tezlik haydovchiga ushbu Qoidalar talablarini bajarish uchun transport vositasining harakatlanishini doimiy nazorat qilib borish imkoniyatini berishi kerak.
Haydovchi transport vositasini boshqarish paytida aniqlay olishi mumkin boʻlgan xavf yuzaga kelsa, u transport vositasining tezligini toʻliq toʻxtashni taʼminlaydigan darajada kamaytirishi yoki toʻsiqni boshqa harakat ishtirokchilari uchun xavf tugʻdirmagan holda aylanib oʻtish choralarini koʻrishi kerak.
(77-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-noyabrdagi 806-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2024-y., 09/24/806/1002-son)